Pochta sohasida raqamli texnologiyalar keng joriy qilinmoqda
Barchamizga ma’lumki, bugun texnologiyalar shiddat bilan rivojlanmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalari hayotimizning har bir jabhasiga kirib bordi. Hozirda har bir mamlakatning rivojlanishi va uning raqobatbardoshligi zamonaviy raqamli texnologiyalarning davlat va jamiyat hayotining barcha sohalariga qay darajada joriy etilganiga bog‘liq bo‘lmoqda. Buni isboti sifatida bir yildan ortiq vaqtda davom etayotgan pandemiya sharoitida raqamli texnologiyalar qanchalik muhim va zarurligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
Hozirgi kunda yangi va qulay xizmatlar qatoriga "Tezkor pochta" jo‘natmalarni qisqa vaqt ichida jo‘natish va etkazib berish, hujjatlarni elektron jo‘natish kabi xizmatlarni qo‘shishimiz mumkin.
Viloyat va tuman markazlariga xizmat ko‘rsatuvchi pochta xodimlarni markazdagi saralash bo‘limidan “bog‘lama-mijoz” tamoyili asosida pochta jo‘natmalarini manzilgacha yetkazib berish amaliyoti joriy etilib, elektroskuterlar sotib olindi.
Hozirda elektron to‘lov tizimi kengayganligi sababli, aholi 60 dan ortiq to‘lov turlari (telefon, uyali aloqa va kommunal xizmatlar, Internet xizmatlari, jarimalar va boshqalar) uchun to‘lovlarni elektron tarzda amalga oshirish imkoniyatiga ega.
Chekka hududlar uchun autsorsing asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Shunga asoslanib, 513 ta pochta bo‘limlarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 17 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi tashkil etildi.
Istiqbolli yo‘nalishlardan biri bu elektron tijoratdir. Shuni inobatga olgan holda, joriy yilning fevral oyidan boshlab "O‘zbekiston pochtasi" AJda "Unisavdo.uz" milliy onlayn savdo platformasi sinov rejimida ish boshladi. Uning yordami bilan tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini respublika bo‘ylab kim oshdi savdosiga qo‘yishlari mumkin. O‘z navbatida, "O‘zbekiston pochtasi" OAJ sotib olingan tovarlarni xaridorning manziliga yetkazib beradi. Shunday qilib, milliy pochta operatori sotuvchi va xaridor o‘rtasida kafil sifatida javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Ayni paytda mutaxassislar yetkazib berilgan mahsulotlarni saqlash va qadoqlash tizimini ishlab chiqmoqdalar.