Samarqandda “Raqamli O'zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining o'ttiz uchinchi sessiyasida “Raqamli O'zbekiston – 2030” strategiyasi bo'yicha viloyatda olib borilayotgan ishlar to'g'risida hisobot berildi.
Hisobotda “Raqamli O'zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida viloyatda raqamli infratuzilmani, elektron hukumat, raqamli iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar milliy bozorini rivojlantirish hamda axborot texnologiyalari sohasida ta'lim berish va malaka oshirishning ustuvor yo'nalishlari bo'yicha amalga oshirilgan ishlar to'g'risida ma'lumot berildi.
Jumladan, Samarqand viloyatini raqamli transformatsiya qilish dasturiga asosan 2022-yil yakuniga qadar 47 ta loyiha, Nurobod va Qo'shrabot tumanlari bo'yicha 73 ta tadbirlar amalga oshirilayotganligi, bugungi kunga qadar 65 foizi bo'yicha ishlar yakuniga etkazilganligi aytib o'tildi va amalga oshirilgan ishlar bo'yicha batafsil ma'lumot berildi.
SHuningdek, joriy yil yakuniga qadar barcha umumta'lim maktablari, maktabgacha ta'lim va sog'liqni saqlash muassasalari, mahalla fuqarolari yig'inlari yuqori tezlikdagi internet tarmog'i bilan qamrab olinishi, viloyatning 20 ta hududida Wi-Fi hududlari tashkil etilishi, farmon doirasida 329,6 ming keng polosali kirish portlari o'rnatilishi, sohalarda “Elektron kundalik”, “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Shaffof qurilish”, “Ijtimoiy himoya yagona reestri”, “Mahalla” singari axborot tizimlari joriy etilishi to'g'risida aytib o'tildi.
Hisobot yakunida deputatlar tomonidan berilgan savollarga javob berilib, “Raqamli O'zbekiston – 2030” dasturi doirasida viloyatda bajarilishi belgilangan loyihalarning to'liq amalga oshirilishi bo'yicha keng ko'lamli ishlar olib borilayotganligi hamda barcha loyihalar doimiy nazoratda ekanligi ta'kidlandi.